Oila qonunchiligini takomillashtirish istiqbollari

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ayni mavzuga bag‘ishlandi.

 

Unda sud-huquq tizimi vakillari, ekspert va mutaxassislar, yurtimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari olimlari, akademiya professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar hamda kursantlar ishtirok etdi. O‘quv dargohi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Baxtiyor Rajabov so‘z olib, mamlakatimizda oila institutining huquqiy asoslarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi.

Ilmiy-amaliy anjumanda dolzarb mavzu qizg‘in muhokama qilindi. Soha mutaxassislarining “Oilaviy munosabatlarda er-xotin mas’uliyatini huquqiy ta’minlash masalalari”, “Nikoh tuzish tartibi: milliy va xorijiy tajriba”, “Oila sudyalari” oilaviy nizolar sonini kamaytirishga xizmat qiluvchi kafolatdir”, “Oilaviy munosabatlarda farzandlar ta’lim olish huquqining kafolatlanishi”, “Oilalar barqarorligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari”, “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida oilaviy munosabatlariga doir yuridik faktlarni qayd etish masalalari”, “Ayrim toifadagi oilalarga yer uchastkalarining ajratilishi – bugungi kun talabi” mavzularidagi ma’ruzasi tinglandi. Muhokama markazidagi masalalar, bildirilgan fikr-mulohazalar asosida oila institutini rivojlantirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.